ZAFAROBOD TUMANIDA O‘ZBEK TILIGA DAVLAT TILI MAQOMI BERILGAN KUN MUNOSABATI BILAN BAYRAM TADBIRI O‘TKAZILDI
ZAFAROBOD TUMANIDA O‘ZBEK TILIGA DAVLAT TILI MAQOMI BERILGAN KUN MUNOSABATI BILAN BAYRAM TADBIRI O‘TKAZILDI
Zafarobod tumanidagi Alisher Navoiy xiyobonida 21-oktabr — O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda viloyatdan tashrif buyurgan mehmonlar, tuman hokimi, ta’lim muassasalari vakillari, o‘quvchilar hamda faol yoshlar ishtirok etishdi.
Tadbir davomida ona tilimizning milliy o‘zligimiz, ma’naviyatimiz va madaniyatimizni ifodalovchi bebaho boylik ekani alohida ta’kidlandi. O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini yanada yuksaltirish, uning sofligini asrab-avaylash, yosh avlod qalbida ona tiliga hurmat va ehtirom tuyg‘ularini mustahkamlash muhim vazifalardan biri ekanligi qayd etildi.
Shuningdek, ona tilimizning boy tarixi, betakror jozibasi va keng imkoniyatlarini kelajak avlodga yetkazish, uni kundalik hayotimizda to‘g‘ri va ravon qo‘llash, yoshlar o‘rtasida kitobxonlik va nutq madaniyatini rivojlantirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Tadbirda o‘quvchi-yoshlarning faol ishtiroki bayramga o‘zgacha ruh bag‘ishladi. Ularning chiqishlari orqali ona tilimizga bo‘lgan mehr-muhabbat, milliy qadriyatlarimizga hurmat va Vatanga sadoqat tuyg‘ulari namoyon etildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan buyuk mutafakkir va so‘z mulkining sultoni Alisher Navoiy haykali poyiga gullar qo‘yish marosimi o‘tkazildi. Ushbu ehtirom ramzi orqali o‘zbek adabiy tilining rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk ajdodimiz xotirasi yodga olindi.