• zafarobod_akm@natlib.uz
  • +998-55-151-30-13; +998-99-825-37-11
  • Jizzax viloyati Zafarobod tumani Axborot-kutubxona markazi
  • O'zbek
  • Русский
  • English
  • Virtual qabulxona
  • Bog’lanish
  • @zafarobodakm_bot
  • zafarobod_akm@natlib.uz
  • +998-55-151-30-13; +998-99-825-37-11
Jizzax viloyati Zafarobod tumani Axborot-kutubxona markazi
  • Kutubxona haqida
    • Kutubxona tarixi
    • Rahbariyat
    • Tuzilma
    • O‘quv zallar
    • Bo‘sh ish o‘rinlari
    • Ish reja va hisobotlar
    • Me'yoriy hujjatlar
  • Kutubxona faoliyati
    • Ish tartibi
    • Kutubxona faoliyatiga oid statistik ma'lumotlar
    • Fuqarolar murojaati
    • Asosiy va qo'shimcha xizmatlar
    • Bog'lanish
    • Uslubiy qo'llanmalar
  • Bo'limlar
    • Abonement va foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatish xizmati
    • Axborot-bibliografiya xizmati
    • Fondlarni to‘ldirish, saqlash ishlov berish xizmati
    • Axborot kommunikatsiya texnalogiyalari va raqamlashtirish xizmati
  • Yangiliklar
    • E'lonlar
    • Yangiliklar
    • Virtual ko'rgazmalar
    • Maqolalar
  • Elektron kutubxona

Maqolalar


ZAFAROBOD: KECHA VA BUGUN

    Zafarobod tumani 1973-yilning 12-aprelida tashkil etilgan. Tuman janubda Jizzax, g‘arb va shimoli-g‘arbda Forish, shimolda Arnasoy, sharqda Paxtakor tumanlari bilan chegaradosh. Tuman relyefi asosan shimol tomonga pasayib boradigan tekisliklardan iborat, faqat tuman maydonining janubiy-g‘arbiy qismi Nurota tog‘lariga parallel holda joylashgan Baliqlitog‘ va Pistalitog‘ning shimoli-sharqiy etaklariga tutashib ketgan. Tumanda 10 ta qishloq fuqarolar yig‘ini Samarqand, Bo‘ston, Cho‘liguliston, Yorqin, Pistalikent, Nurafshon, Lolazor, Uzun, Chimqo‘rg‘on, Birlik mavjud. Maʼmuriy markazi - Zafarobod shaharchasi.

    Tumanning umumiy yer maydoni 0,52 ming km.kv. Aholisi 55,2 ming kishi (01.10.2025-y.). Ayni kunda tumandagi 8737 ta xonadonlarda 11268 ta oilalar istiqomat qilishadi. Iqtisodiy faol aholi 24 mingga yaqin bo‘lib, jami mehnat resurslari 29,5 mingni tashkil qiladi. 

    Tumanda ijtimoiy soha yo‘nalishida 20 ta maktab, 65 ta maktabgacha taʼlim muassasalari (shundan 53 tasi nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasi), 12 ta sog‘liqni saqlash muassasalari, 96 ta sport obyektlari, 23 ta kutubxona, 2 ta madaniy meʼros obyektlari va 1 ta madaniyat va istirohat bog‘i faoliyat ko‘rsatadi.

    Tumanning sanoat ishlab chiqarish hajmi yildan-yilga oshib 2025-yilda 1,0 trilion so‘mni tashkil qildi. Tumanda 2 ta yirik va 124 ta kichik sanoat korxonalari va 2 ta sanoat zonalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Keyingi yillarda tumanda yangi va yangi sanoat korxonalari ishga tushirilishi natijasida tumandagi 1,3 ming ishsizlarning soni har oyiga 100-120 nafarga qisqarib bormoqda.

    Tumandagi suvdan uzoq, Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi atrofi, ariq va zovurlarning himoyalangan hududidan tashqarishiga ekilgan daraxtlar, butalar va dehqonchilik uchun ekilgan mahsulotlarning yaxshi unib chiqishi, hosil berishi natijasida keyingi 2-3 yilda dehqonchilik 162,1 mlrd.so‘m (23,1 %) va chorvachilik 441,2 mlrd.so‘m (62,9 %) bo‘lishiga erishildi.

    Qo‘chqor Hakimovning “Jizzax viloyati toponimlari” nomli monografiyasida keltirilishicha Zafarobod tuman 12-aprel, yaʼni kosmonavtlar kunida tashkil etilganligi uchun uning maʼmuriy markaziga dastlab “Uchqahramon” nomi berilgan. Sho‘ro davlati kosmonavt-uchuvchilari V.N.Volkov, V.I.Patsayev va G.T.Dobrovolskiylar xotirasini abadiylashtirish maqsadida tuman markaziga shu nom berilgan. Kosmonavt-uchuvchilar 1971-yil 6-iyun kuni “Soyuz-11” kemasida fazoga parvoz qilgan va “Salyut” ilmiy stansiyaga borib qo‘shilgan. 1971-yilning 30-iyun kuni belgilangan vazifani bajarib yerga qaytish vaqtida fazo kemasida vujudga kelgan nosozliklar (razgermetizatsiya) tufayli kema ekipaji halok bo‘lgan.

    Mustaqillikdan keyin tuman Zafarobod va uning markazi nomi Zafarobod shaharchasi deb o‘zgartirildi. Zafarobod - rasmiy-maʼmuriy tarzda qo‘yilgan nomlar sirasiga kiradi. O‘zbekiston miqyosida qo‘riq va bo‘z yerlarda, cho‘lda tashkil etilgan bir qancha aholi punkti shu nom bilan atalgan. Zafarobod nomi ikki qismdan iborat: “zafar” arabcha g‘alaba, fath, yutuq, muvaffaqiyat; “obod” - baʼzi otlarga yoki ayrim sifatlarga qo‘shilib joy nomini yasaydigan, “obodonlashtirilgan”, “o‘zlashtirilgan”, go‘zal, chiroyli, tartibga solingan maʼnosidagi affiks so‘z. Obod - asli ob – “suv” so‘zidan kelib chiqqan degan fikr mavjud. Zafarobod - g‘alabalar, yutuqlar, muvaffaqiyatlar evaziga obod etilgan maskan, joy demakdir.

    Tuman toponimiyasining asosiy qismini o‘zbekcha nomlar tashkil qiladi, shuningdek, qadimdan tumanning hozirgi cho‘l hududlarida turkiy qabilalar va qozoqlar yonma-yon yashab chorvachilik bilan shug‘ullanganliklari bois, bir oz miqdorda qozoqcha nomlar ham uchraydi. Tuman joy nomlari tarkibida etnonimlar yo‘q, chunki mavjud aholi punktlari asosan Jizzax cho‘lini o‘zlashtirilishi natijasida paydo bo‘lgan. Ularda yashovchi mahalliy xalq respublika va viloyatning turli burchaklaridan ko‘chib kelishgan. Tuman toponimiyasining ichki xususiyatlaridan biri, aksariyat qishloqlar istiqlol yillarida qayta nomlandi, ular maʼmuriy-rasmiy tarzda berilgan bo‘lsa ham kishilarning ozod va obod turmushini, baxtli hayotini, orzu-istaklarini, intilishlarini ifoda etadi.

    Tumanning shimoliy tekislik qismida Jizzax cho‘lini o‘zlashtirilishi natijasida paydo bo‘lgan oykonimlar asosan dehqonchilik madaniyati bilan bog‘liq. Cho‘liguliston, Lolazor, Gulzor, Chamanzor, Qutlug‘yo‘l kabi qishloqlar nomi yangi davr mahsuli hisoblanadi. Bu nomlar xalqning qaqrab yotgan cho‘lni obod qilib, dehqonchilikda erishgan yutuqlarining natijasi, yaʼni inson qo‘li bilan o‘zlashtirilib obod qilingan manoni anglatuvchi nomlardir.

    Bu tur nomlarning paydo bo‘lishi xalqning yangi yerlarni o‘zlashtirishi, yangi qurilishlar majmuini bunyod qilishi kabi ijodkorlik, cho‘lquvarlik, yangi dehqonchilik manzillari yaratishi bilan bog‘liq. XX-asrda xalqning ommaviy bunyodkorlik faoliyati tufayli bu xil nomlar yaratildi. Tumanning tog‘oldi hududlarida xalqning tabiatga bo‘lgan munosabati, tabiiy hodisalarni anglash darajasi, turli xil landshaftlardan foydalanish imkoniyatlari kabi omillar joy nomlarining yaratilishida moddiy, ijtimoiy va lisoniy asos vazifasini bajargan.

    Tuman hududida Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimining ajralmas qismi hisoblanuvchi Tuzkon ko‘li mavjud. Tuzkon viloyatning shimoliy tekislik qismida, tovoqsoy shaklidagi botiqda joylashgan O‘zbekistondagi yagona tabiiy ko‘l hisoblangan. Tuzkon Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimining janubiy-sharqiy qismini egallaydi va Nurota tog‘ tizmalarining shimoliy etaklariga tutashadi. XX-asrning birinchi yarmigacha shu hududda yashovchi aholi qurib qolgan ko‘l va unga tutash hududdan tuz qazib olishgan va bu holat uning nomlanishiga ham asos bo‘lgan. 

    Aslida Tuzkon tabiiy sho‘r botiq bo‘lgan. 1960-yillargacha u mavsumiy ravishda to‘lib turadigan kichik sho‘r ko‘l bo‘lgan. O‘tgan asrning oltmish to‘qqizinchi yili yoqqan kuchli qor va undan keyingi yillardagi yog‘ingarchilikni ko‘p bo‘lishi natijasida Arnasoy-Aydarko‘l ko‘llar tizimida suv sathi ko‘ratila boshlagan. Qo‘shni Qozog‘iston hududidagi Chordara suv omboridan qish va bahor oylarida ortiqcha suvning tashlanishi, cho‘lning o‘zlashtirilgan yerlariga qishning chillasida beriladigan yaxob suvi va sug‘orish tizimlaridan keladigan kollektor-drenaj suvlari hisobiga u hozirgi yirik hajmga yetgan. 

    Tuzkon ko‘li o‘zining noyob tabiati va ekologik ahamiyati bilan alohida ajralib turadi. Ko‘l suvining minerallarga boyligi va tabiiy sho‘rligi baliqchilikni rivojlantirishga asos bo‘ladi. Shu sababli ko‘l va unga tutash hududlarda tabiiy purtlar va baliqchilik fermer xo‘jaliklari joylashgan. Bu yerda sazan, laqqa, oq amur, do‘ngpeshona va sudak kabi baliq turlari uchraydi.

    Ko‘l atrofida cho‘l va yarim cho‘l landshaftlari ustunlik qiladi. Ko‘lning qirg‘oq bo‘ylarida asosan qamish, qo‘g‘a va sho‘radoshlar oilasiga mansub o‘simliklar keng tarqalgan. Cho‘l hududiga yaqin joylarda saksovul va yulg‘unzorlarni uchratish mumkin. 

    Tuzkon ko‘li xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan qushlar yashash joyi hisoblanadi. Migratsiya davrida bu yerda pushti birqozon (pelikan), flaminga, yovvoyi o‘rdak va g‘ozlarni uchratasiz. Shuningdek, O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan noyob qushlar shu yerga uya qo‘yib tabiiy sharoitda polaponlarini katta qiladi. 

    Tuzkon ko‘li nafaqat baliqchilik, balki ekoturizm va davolash maqsadlari uchun ham qulay joylashgan. Ko‘lning balchiqli loyi va sho‘r suvi shifobaxsh xususiyatga ega bo‘lib, insonlarning bo‘g‘im va teri kasalliklarini davolashda juda qo‘l keladi. Bugungi kunda yurtimizning deyarli barcha sihatgohlariga shifobaxsh balchiq Tuzkon ko‘lining aynan Zafarobod tumanidagi hududidan olib ketiladi.

    Tuman arxeologik jihatdan ham juda ahamiyatli bo‘lib, hududda neolit davridan boshlab insonlar yashaganligi, baliqchilik va chorvachilik bilan shug‘ullanganligi. Yovvoyi otlarni xonakilashtirish ishlarini olib borganligi, ovchilik bilan ham shug‘ullanganligi to‘g‘risidagi topilmalar mavjud. 

    Zafarobod tumani hududidagi qadimgi davlatchilik, unda yashagan qabilalar va elatlar to‘g‘risidagi maʼlumotlarni keyingi maqolalarimizda keltirib o‘tamiz...

Tolibjon ERGASHEV,

Falsafa doktori (PhD), dotsent,

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi aʼzosi.

* * * * * 

BALIQLITOG‘ BAG‘RIDAGI HAYOT: BALIQLI TARIXI

Yurtimizning qay bir tumaniga bormang, albatta u yerda baliq va unga monand imslarga qo‘yilgan qishloqlar yoki ovullarni uchratasiz. Jizzax viloyati, Zafarobod tumani  O‘zbekiston xaritasidagi ko‘plab qishloqlar kabi Baliqli ham o‘z nomi orqali o‘tmishning chuqur qatlamlarini yodga soladi. Tuzkon ko‘li va Baliqlitog‘ orasida joylashgan ushbu maskan nafaqat geografik jihatdan, balki tarixiy-etnografik maʼnoda ham alohida ahamiyatga ega.

Baliqlitog‘ — Nurota tizmasining shimoliy etaklaridagi qoldiq tog‘lardan biri hisoblanadi. Uning uzunligi taxminan 17 kilometr, eni esa 0,5–1 kilometrni tashkil etadi. Eng baland nuqtasi — Bo‘zaygir cho‘qqisi bo‘lib, dengiz sathidan 581 metr balandlikda joylashgan. Tabiiy relyefi va atrof muhiti Baliqli qishlog‘ining shakllanishiga bevosita taʼsir ko‘rsatgan.

Qishloqning nomiga kelsak, u ilk qarashda qadimiy turkiy tilda “shahar” maʼnosini anglatgan “baliq” (yoki “balig‘”) so‘zi bilan bog‘liqdek tuyulishi mumkin. Zero, tarixiy manbalarda Beshbaliq, Xonbaliq kabi joy nomlari uchraydi. Biroq tadqiqotchilar, jumladan S. Qorayevning taʼkidlashicha, bu yerdagi “baliq” atamasi aynan shu maʼno bilan bog‘liq emas.

Etnografik manbalarda qayd etilishicha, qozoq va qirg‘iz xalqlari tarkibida “baliq” yoki “baliqchi” urug‘lari mavjud bo‘lgan. Shuningdek, o‘rta asrlarga oid maʼlumotlarda o‘zbek, qirg‘iz va turkman qabilalari orasida “baliqchi” urug‘i tilga olinadi. “Baliqchi” so‘zi esa baliq ovlovchi, ovchi, ayrim hollarda esa shahar qo‘riqchisi yoki shaharlik maʼnolarini ham anglatgan.

Ammo Baliqli qishlog‘i nomining kelib chiqishi yanada sodda va hayotiy manbaga borib taqaladi. Bu hududda joylashgan Tuzkon ko‘li qadimdan baliqqa boy bo‘lgan. Mahalliy aholi uchun baliq ovlash asosiy mashg‘ulotlardan biri hisoblangan. Shu boisdan ham bu yer “balig‘i ko‘p joy”, “baliq ovlanadigan makon” maʼnosida Baliqli deb atalgan.

Vaqt o‘tishi bilan tabiiy resurslar atrofida shakllangan bu hudud qishloqqa aylangan. Baliqlitog‘ etaklari va ko‘l sohilidagi hayot odamlarning turmush tarzi, mashg‘uloti va madaniyatida o‘z aksini topgan. Bu yerda tabiat va inson o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlik yaqqol namoyon bo‘ladi.

Bugungi kunda Baliqli — o‘tmish va bugunni uyg‘unlashtirgan maskan. Uning nomi esa oddiy geografik belgigina emas, balki asrlar davomida shakllangan hayot tarzi, kasb-kor va tabiiy muhitning yorqin ifodasidir.

Tolibjon ERGASHEV,

Falsafa doktori (PhD), dotsent,

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi aʼzosi.

* * * * * 

BO‘RITESKEN OYKONIMI: ETIMOLOGIYA, TRANSFORMATSIYA

VA ETNOTOPONIMIK TAHLIL

         Joy nomlari - xalq tarixining “tilsiz” guvohidir. Har bir toponim zamirida muayyan bir davrning ijtimoiy manzarasi, tabiiy relefi yoki etnosning dunyoqarashi yashiringan bo‘ladi. Shunday qiziqarli va bahsli nomlardan biri – Zafarobod tumanidagi Bo‘ritesken oykonimidir. Ushbu nom nafaqat lingvistik jihatdan, balki tarixiy-etnografik nuqtai nazardan ham alohida tadqiqotni talab etadi.

Oykonimning shakllanish tarixi

Manbalarga ko‘ra, mazkur joy nomi ilk bor “Bo‘riteshgan” shaklida qo‘llanilgan. Keyinchalik hududda yashagan mahalliy qozoq millatiga mansub aholi tomonidan fonetik o‘zgarishlarga uchrab, “Bo‘ritesken” ko‘rinishiga kelgan. Bu holat turkiy tillar o‘rtasidagi fonetik moslashuv jarayonlariga xos xususiyatdir.

Qozoq tilida bo‘ri “qasqir” deb atalishi ham mazkur nomning o‘zgarishida muhim dalil hisoblanadi. Yaʼni, “bo‘ri” so‘zining saqlanib qolishi, nomning ilk turkiy (o‘zbek yoki qadimgi qipchoq) qatlamga mansubligini ko‘rsatadi.

Etimologik tahlil

Tadqiqotchi Bahrom O‘rinboyev mazkur oykonimni ikki qismga ajratib tahlil qilgan:

-        “bo‘ri” – yirtqich hayvon nomi sifatida

-        “teshgan” – teshmoq, kovlash maʼnosini beradi.

Ushbu izohga ko‘ra, “Bo‘ritesken” – “bo‘ri teshgan yaʼni joy” maʼnosini anglatadi.

B.O‘rinboyevning taʼkidlashicha, qipchoq va qirg‘iz qabilalari tarkibida “bo‘ri” urug‘ining mavjudligi tarixiy manbalardan maʼlum. Bu esa mazkur nomning nafaqat tabiiy, balki etnik ildizlarga ham ega ekanligini ko‘rsatadi.

Geografik va tabiiy omillar

Qishloq joylashgan joyning geografik xususiyatlari ham oykonim mazmunini tasdiqlaydi. Manbalarda qayd etilishicha, hudud va uning atrofida sellardan paydo bo‘lgan jarliklar, qamish bosgan maydonlar, qadimgi insonlar tomonidan yaratilgan sunʼiy teshiklar (kavlangan uyalar) mavjud. Bu teshiklardan shu yerda yashovchi aholi va qadimgi davlatchilikning qo‘riqchilari foydalangan degan qarashlar ham mavjud. Ular ov vaqtida, qattiq qorli, bo‘ronli va yomg‘irli havoda keng qo‘llanilgan. Vaqt o‘tishi bilan tashlandiq holga tashlab qo‘yilgan teshiklar, kavlangan uyalar yirtqich hayvonlarga boshpana bo‘lgan va ularning ko‘payishiga xizmat qilgan.

Xalq etimologiyasi: afsona va haqiqat

Mahalliy aholi o‘rtasidagi rivoyatlarga ko‘ra, ilgari bu yerlarda bo‘rilar juda ko‘p bo‘lgan va ular jarliklarda uya qurib, yerni “teshib” tashlagan. Bu yerda “Bo‘riteshgan” nomi mo‘ljal (oriyentir) vazifasini bajargan. Chorvador xalq uchun yirtqichlar uyasi bo‘lgan hudud xavfli makon sifatida alohida nom bilan belgilangan. Imkon darajasida bu yerlarga kelmaslikka harakat qilishgan.

Bo‘ritesken – shunchaki qishloq nomi emas, balki turkiy tillarning o‘zaro taʼsiri va xalqning tabiat bilan munosabati aks etgan murakkab lingvistik birlik, tarixiy va etnomadaniy xususiyatlarni o‘zida mujassam etgan ko‘p qatlamli toponimdir. Uning to‘liq ilmiy tahlili kelgusida yanada chuqur tadqiqotlarni talab qiladi.

 

Tolibjon ERGASHEV,

Falsafa doktori (PhD), dotsent,

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi aʼzosi.

* * * * * 

“UZUN” QISHLOQ NOMI QANDAY PAYDO BO‘LGAN?

O‘zbekiston toponomiyasi o‘zining ko‘p qatlamliligi va tarixiy xotiraga boyligi bilan ajralib turadi. Jizzax vohasining Zafarobod, Baxmal va Zomin tumanlarida, shuningdek mamlakatimizning boshqa hududlarida ham uchrab turadigan “Uzun” nomli qishloqlar shunchaki geografik tushuncha emas, balki xalqimizning shakllanish jarayoni, hudud va joylashuv maskaniga nisbatan an'anaviy qarashlarning mahsulidir.

Geografik asos va nomlanish xususiyati

“Uzun” so‘zining lug‘aviy ma'nosi cho‘ziq, uzunasiga katta hududni anglatadi. Demak, mazkur nom avvalo geografik xususiyat bilan bog‘liq bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Qishloqlar tevarak-atrofdagi manzilgohlarga nisbatan uzunasiga cho‘zilgan, en jihatdan nisbatan tor hududda joylashgan bo‘ladi.

Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, dastlab joy nomi “Uzunqishloq” shaklida bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Ya'ni, soy, ariq yoki jar yoqasida uzunasiga cho‘zilib qurilgan qishloqni ifoda etgan. Keyinchalik tildagi o‘zgarishlar, sobiq Sho‘ro davlatining inqirozi va yakun topishi, hududdagi aholi etnik tarkibining o‘zgarishi sabab “qishloq” so‘zi tushirilib, nom qisqartirilgan va “Uzun” shakli saqlanib qolgan.

Etnik omil va urug‘ nomi bilan bog‘liqlik

Tarixiy-etnografik manbalar “Uzun” so‘zi faqat geografik emas, balki etnik mazmunga ham ega ekanligini ko‘rsatadi. Olimlarning tadqiqotlariga ko‘ra Qashqadaryo viloyatida yashovchi qo‘ng‘irotlar, Zarafshon va Farg‘ona qipchorlari tarkibida “uzun” nomli urug‘ mavjudligi aniqlangan. Shuningdek, qozoqlarning  “o‘rta juz” va qirg‘izlarning “bag‘ish” qabilalari tarkibida ham ushbu urug‘ nomi qayd etilgan.

Bu holat “Uzun” oykonimi muayyan etnik guruh nomi asosida vujudga kelgan bo‘lishi mumkinligini anglatadi. Ya'ni, mazkur hududlarda ilgari “uzun” urug‘iga mansub aholi yashagan va joy nomi ham shu etnonim bilan bog‘liq ravishda shakllanib borgan.

Tamg‘a va ramziy ma'no

Akademik K.Shoniyozov ma'lumotlariga ko‘ra, “uzun” atamasi tamg‘a (ya'ni chorva belgisi) bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkin. Masalan, mollarning oldingi oyog‘iga to‘g‘ri chiqiz shaklida bosilgan tamg‘a “uzun” deb atalgan. Bu esa etnonimning kelib chiqishida ramziy belgilar ham muhim o‘rin tutganini ko‘rsatadi.

“Uzun” oykonimi ko‘p qatlamli ma'noga ega bo‘lib, u bir vaqtning o‘zida:

- geografik (uzunasiga cho‘zilgan hudud),

- lingvistik (qisqarish natijasida shakllangan nom),

- etnik (urug‘ nomi bilan bog‘liq),

- madaniy-ramziy (tamg‘a belgisi) omillarni o‘zida birlashtiradi.

Shu jihatdan, “Uzun” joy nomi oddiy atama emas, balki o‘tmishdagi aholi joylashuvi, etnik tarkibi va turmush tarzini aks ettiruvchi muhim tarixiy manba hisoblanadi.

 

Tolibjon ERGASHEV,

Falsafa doktori (PhD), dotsent,

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi aʼzosi.

* * * * * 

 

Jizzax viloyati Zafarobod tumani Axborot-kutubxona markazi
+998-55-151-30-13; +998-99-825-37-11 zafarobod_akm@natlib.uz

O'zbekiston,Jizzax,130700,Mustaqillik

Biz soat 09:00 dan 17:00 gacha ishlaymiz

Kutubxona haqida
  • Kutubxona tarixi
  • Rahbariyat
  • Tuzilma
  • O‘quv zallar
  • Bo‘sh ish o‘rinlari
  • Ish reja va hisobotlar
  • Me'yoriy hujjatlar
Kutubxona faoliyati
  • Ish tartibi
  • Kutubxona faoliyatiga oid statistik ma'lumotlar
  • Fuqarolar murojaati
  • Asosiy va qo'shimcha xizmatlar
  • Bog'lanish
  • Uslubiy qo'llanmalar
Bo'limlar
  • Abonement va foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatish xizmati
  • Axborot-bibliografiya xizmati
  • Fondlarni to‘ldirish, saqlash ishlov berish xizmati
  • Axborot kommunikatsiya texnalogiyalari va raqamlashtirish xizmati
Yangiliklar
  • E'lonlar
  • Yangiliklar
  • Virtual ko'rgazmalar
  • Maqolalar
Elektron kutubxona
© Copyright 2025 — Jizzax viloyati Zafarobod tumani Axborot-kutubxona markazi. Barcha huquqlar ximoyalangan